Bu haqda EastFruit tomonidan amalga oshirilgan monitoring natijalarida soʻz boradi.
Hozir Oʻzbekistonda 830 kilogrammdan ortiq piyozni 100 dollarga ulgurji xarid qilish mumkin. Qayd etilishicha, Oʻzbekiston tarixida yilning bu davrida piyozning bunday arzon narxi boʻlmagan. Bir yil avval piyoz narxi hozirgidan 4,4 barobar qimmatroq edi. Yilning ushbu davri uchun odatiy narx taxminan ikki baravar yuqori va 24−26 AQSH sentini tashkil qiladi.
Ushbu maʼlumotlar kichik ulgurji savdolar narxidir. Agar bahorda qayta sotish uchun kuzda piyoz sotib olgan fermer yoki savdogarlar inobatga olinsa, bunday piyozning haqiqiy narxi hozirda nolga intiladi va 2023-yilgi hosil zaxiralarining barchasini sotishning imkoni boʻlmaydi.
EastFruitʼga koʻra, kamida 150-200 ming tonna piyozni chiqindiga tashlashga yoki qoramollar uchun yemish sifatida berishga toʻgʻri keladi. “Shu boisdan hafta davomida oʻtgan yilgi piyoz narxi sezilarli darajada arzonlashsa hayron boʻlmaslik kerak”, — deyiladi xabarda.