Qayd etilishicha, birja savdolarida 2025-yilda jami 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan. Bunda, sotilgan mahsulotning 61 foizi (219 ming tonna) mahalliy va 39 foizi import mahsulot hissasiga toʻgʻri kelgan.
Taʼkidlash joizki, ushbu koʻrsatkich yanvar iyul oylarida oʻrtacha 80 foizgachani tashkil etgan boʻlsa, avgust oyidan boshlab ichki bozorda mahalliy mahsulotning hissasi kamayib borib, 2025-yil dekabr (35 foiz) oyi va 2026-yil yanvar oyining oʻtgan davrida 10 foizgacha pasayib ketgan.
Bunga asosiy sabab, mahalliy mahsulotni aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yoʻnaltirilganligi maʼlum qilindi.
Mahalliy mahsulot boshlangʻich narxi oʻtgan yil davomida deyarli oshmaganligi, shuningdek, Qoʻmita tomonidan suyultirilgan gaz boshlangʻich narxiga 20 foiz spred (boshlangʻich narxga nisbatan oʻsish chegarasi) va 1 ta savdo sessiyasida 5 tonna (muqaddam 10 tonna) xarid limiti oʻrnatilganligi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi 1 tn uchun 7 mln soʻmdan oshmagan. Shu oʻrinda, import mahsulot narxi 8 mln soʻmgacha shakllangan.
Oʻz navbatida, mahalliy va import mahsulotning boshlangʻich (50 foiz) va sotilish (35 foiz) narxi oʻrtasida 40 foizgacha tafovut mavjud.
Biroq, soʻnggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi oʻrtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan import mahsulotning boshlangʻich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tn suyultirilgan gaz mahsuloti oʻrtacha 9,5 mln soʻmgacha sotilmoqda, dekabrga nisbatan oʻsish 20 foiz.
Oʻz navbatida, Qoʻmita tomonidan ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) narxlarini barqarorlashtirish maqsadida vakolat doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoqilgʻi quyish shoxobchalaridagi narxlar yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatilgan.
Taʼkidlash joizki, respublikada, suyultirilgan gaz (propan)da harakatlanuvchi avtomobillar soni 11 foizni tashkil etadi. Shuningdek, ichki bozorda avtomobillar uchun realizatsiya qilingan yoqilgʻi mahsulotlar summasining atigi 5 foizini suyultirilgan gaz(propan) tashkil etadi.
Biroq, bugungi kundagi vaziyatda chakana narxlar toʻgʻrisida har qanday maʼlumotning yoritilishi yoki narxlar oshishi toʻgʻrisida axborot tarqatilishi ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, Qoʻmita barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.