Jamg'arma matbuot xizmati rahbari Ayjamal Joldasbaevaning ma'lum qilishicha, 2020 yil 1 oktyabr` holati bo'yicha Pensiya jamg'armasi hisobida turuvchi pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 mln 785 ming 520 nafarni tashkil qilmoqda.
Hududlar kesimida hisoblanganda ularning eng ko'p qismi Toshkent shahri (13,1 foiz) va Navoiy viloyati (12,4 foiz) hissasiga to'g'ri keladi. Bu ko'rsatkich Toshkent, Buxoro, Farg'ona, Sirdaryo, Andijon, Xorazm viloyatlarida 11 foiz va undan ko'proqni tashkil qiladi. Boshqa hududlarda esa pensioner va nafaqaxo'rlar ulushi 9 foizdan 10 foizgacha.
eslatib o'tamiz, bugungi kunda pensiyalarning o'rtacha miqdori 817 ming 457 so'mni, nafaqalarning o'rtacha miqdori esa 463 ming 121 so'mni tashkil etmoqda.
1991 yil 1 yanvardagi ma'lumotda yurtimizda 2 mln 158 ming 995 nafar pensiya va nafaqa oluvchi qayd etilgan.
"Agar yurtdoshlarimiz pensiya ta'minoti bilan bog'liq, jumladan, pensiya va nafaqalarni tayinlash va to'lash, tizim bo'yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ijrosini ta'minlash, hududiy pensiya bo'limlariga murojaat qilganda tamagirlik, poraxo'rlik, o'z xizmat va mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi salbiy holatlar, byurokratik to'siqlar, umuman, korruptsion vaziyatlarga duch kelsa, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining 1140 “Ishonch telefoni”, www.pfru.uz rasmiy veb-sayti, t.me/PensionFundRUz rasmiy telegram kanali, pension_uz@pfca.mf.uz elektron pochtasi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali murojaat qilishlari mumkin", deyiladi matbuot xizmati xabarida.