“UzNews”ning maʼlum qilishicha, unda qizlarni erta turmushga berish va qarindosh-urugʻ oʻrtasidagi nikohning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti tinglandi.
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining direktori Nodira Egamberdiyevaning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda “oilaning baxtlilik indikatori” ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda “Baxtiyor oila” veb-sayti yaratilmoqda. Sayt baxtiyor oila qanday boʻlishi, nima qilish kerakligiga qaratilgan. Foydalanuvchilarga oilalarda ayrim mavjud maishiy kamchiliklarni hal qilish yoʻllari ham koʻrsatilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Nodira Egamberdiyeva institut tomonidan erta nikohga undovchi omillar sabablari oʻrganilayotganini taʼkidlab, tegishli qaror asosida tez orada “Bibixonim” maktablari tuzilishini maʼlum qildi.
“Buning konseptual asoslarini ishlab chiqyapmiz. Bu maktablarda asosan 5-6 yoʻnalishda, oʻsmir yoshdagi qizlarni hayotga tayyorlash, ularda yetakchilik sifatlarini shakllantirish, turli yechim va qarorlar qabul qilish borasida qizlar oʻqitiladi”, — degan Nodira Egamberdiyeva.