Oʻzbekistonda qulupnayni yil boʻyi yetishtiruvchi Koreya texnologiyasi amalga oshiriladi

    Agrosektor 25 Avgust 2022 1366

    2022-yil 22-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Koreya qishloq birlashmasi korporatsiyasi (KRC), Oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilik sohalarida taʼlimni rivojlantirish va axborot xizmati boʻyicha Koreya agentligi (EPIS) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar mavjud va rejalashtirilgan qoʻshma loyihalar doirasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama etdilar.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va EPIS oʻrtasida yangi loyihani boshlash boʻyicha kelishuv imzolandi. “Yil boʻyi qulupnay yetishtirish boʻyicha zamonaviy Koreya texnologiyalarini joriy etish” nomli ushbu loyiha Koreya Respublikasi Hukumatining rivojlanish boʻyicha rasmiy koʻmagi (ODA) yoʻnalishida taqdim etiladigan grant mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.

    3,7 million dollar qiymatidagi loyiha 2026-yil dekabr oyiga qadar amalga oshiriladi.

    Shu maqsadda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agroxizmatlar markazi (AKIS) (Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani) hududida quyosh batareyalarida ishlaydigan qulupnay yetishtiruvchi zamonaviy issiqxona quriladi. Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar tomonidan koʻchatlar uchun issiqxona hamda yuqori sifatli qulupnay koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha in vitro laboratoriyasi qurilib, jihozlanadi.

    Loyiha davomida qulupnay yetishtirish boʻyicha mutaxassislarning har yili oʻzaro tashriflari tashkil etilib, tajriba almashish va malaka oshirish koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.