Ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida narxlarni shakllantirish, qurilish ishlarini tashkil qilish, texnik va mualliflik nazoratini olib borish, qurilish ishlari sifatini taʼminlash va obyektlarni foydalanishga topshirishda quyidagi masalalar dolzarbligicha qolmoqda:
birinchidan, vazirliklar va idoralarda davlat ahamiyatiga molik qurilish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni taʼminlovchi tizim mavjud emas;
ikkinchidan, buyurtmachi xizmatining funksiyalari, vazifalari, javobgarligi, huquqlari, loyihachi tashkilot va pudratchi tashkilotlar bilan oʻzaro shartnomaviy munosabatlarini oʻzida aks ettirgan yagona tartib mavjud emas;
uchinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq toʻlash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik va mehnatga haq toʻlash mutanosib emas;
toʻrtinchidan, sohada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligining pastligi malakali mutaxassis va rahbar kadrlarni tayyorlash imkonini bermayapti;
beshinchidan, moddiy-texnik bazani rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimi shakllanmaganligi va zamonaviy axborot texnologiyalari talab darajasida joriy etilmaganligi soha faoliyatini chuqur tahlil etish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida taʼsirchan choralarni ishlab chiqishda oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
Qaror bilan quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:
- Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati toʻgʻrisidagi nizom;
- Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmatining namunaviy tuzilmasi;
- Kurilish obyektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi toʻgʻrisida nizom;
- Qurilish obyektlarida nazorat oʻlchovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi masʼul mutaxassislarga ular mehnatiga haq toʻlashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga 2021-yil 1-avgustdan boshlab:
- birinchi toifa uchun - 0,2 miqdorda;
- ikkinchi toifa uchun - 0,5 mikdorda;
- uchinchi toifa uchun - 0,7 miqdorda;
- oliy toifa uchun - 1,0 miqdorda koeffitsiyent qoʻshiladi.
Obyektlardagi qurilish-montaj ishlari boʻyicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, tender va tanlov takliflarini garov, kafolat, zakalat tarzida taʼminlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablagʻlarining 50%i - davlat byudjetiga hamda qolgan 50%i - buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, 2021-yil 1-iyundan boshlab buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va taʼminot harajatlari smetasini roʻyxatdan oʻtkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining obyektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.05.2021-yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.