Mazkur hujjatda Oʻzbekistondan quritilgan mevalarni eksport qilishning hozirgi holati va istiqbollari tahlil qilingan. Uni tayyorlash uchun UNCTAD ekspertlari tomonidan Oʻzbekistonning 5 mintaqasi - Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand va Toshkentda oʻtkazilgan maxsus tadqiqot maʼlumotlaridan Oʻzbekistonda qiymat zanjiri va quritilgan mevalar sifati oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatish maqsadida foydalanilgan.

Maʼruzada, shuningdek, Oʻzbekistondan quritilgan meva eksportiga taʼsir koʻrsatadigan turli savdo standartlari, shu jumladan, Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish imkoniyatlarini beradigan meʼyorlar ham keltirilgan.

Unda qayd etilishicha, mevalar hajmi jihatidan Oʻzbekistonning oltinchi yirik eksport mahsuloti hisoblanadi. 2019-yilda uning eksport hajmi 644 million dollarni tashkil etdi. Isteʼmol qilinadigan mevalar Oʻzbekiston eksportining 14,3 milliard dollarlik eksportining 4,5 foizini tashkil qildi. Shu bilan birga, quritilgan uzum hajmi 105 million dollarni, boshqa quritilgan mevalar esa 40 million dollarni tashkil etdi.

Maʼlumki, mahsulotlarni mahalliy va tashqi bozorlarga yetkazib berish usullarini aniqlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, eksport logistikasi jihatlari hamda Oʻzbekistondan quritilgan mevalar eksportiga taʼsir koʻrsatadigan turli savdo standartlari ham muhim ahamiyatga ega.

Maʼruza intihosida Oʻzbekistonning quritilgan mevalar bozorida oʻz ulushini strategik jihatdan bosqichma-bosqich koʻpaytirish borasidagi saʼy-harakatlarining natijalari sarhisob qilingan.