2023-yil 1-yanvardan boshlab rahbar kadrlar hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasi boʻyicha sertifikatga ega boʻlishi majburiy etib belgilanishi mumkin.
Rahbar kadrlar hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar davlat tilini bilish darajasi boʻyicha test sinovlarida ishtirok etish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarida malaka oshirishlari talab etiladi.
Rahbar kadrlar hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga sertifikat berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Rahbar kadrlar hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun tuziladigan test topshiriqlari markaz oʻquv dasturiga muvofiq shakllantiriladi.
Bunda, test topshiriqlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan talab asosida markaz tavsiya etgan mutaxassislar tomonidan shakllantiriladi.