Oʻzbekistonda reniy metalli sanoat miqyosida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kombinat olim va mutaxassislarining koʻp yillik ilmiy-tadqiqot ishlari samarasi oʻlaroq, 2021-yilda 99,9% soflikdagi reniy metalli olishga erishilgan edi. Bu yuksak natija perranat ammoniyni vodorod tiklash usuli orqali qayta ishlash orqali amalga oshirildi.

2025-yil uchun tasdiqlangan biznes reja asosida, mazkur noyob metallni sanoat miqyosida ishlab chiqarish boshlandi. Bugungi kunda Oʻzbekiston texnologik metallar kombinatida reniy ishlab chiqarish boʻyicha maxsus uchastka tashkil etilgan boʻlib, u Germaniyaning zamonaviy texnologik uskunalari bilan jihozlangan.

Reniy xom ashyosi Mis eritish zavodi hamda mahalliy sanoat korxonalaridan yetkazib beriladi. Kombinat tomonidan yillik ishlab chiqarish hajmi 3 tonnani tashkil etadi.

Reniy — Mendeleyevning davriy jadvalida 75-oʻrinda joylashgan, eng zich va qattiq metallardan biri hisoblanadi. U neftni qayta ishlashda katalizator, aviasozlik va elektrotexnika sohalarida yuqori aniqlikdagi detallar, yadro sanoatida termoparalar, tibbiyotda ilmiy tadqiqot uskunalari va zargarlikda qoplamalar tayyorlashda keng qoʻllaniladi.

Jahon bozorida reniyga boʻlgan talab yuqori boʻlib, uning 1 kilosi oʻrtacha 2000 AQSH dollari atrofida baholanadi.

Ilmiy salohiyat va zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari uygʻunligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha mamlakatimizda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.