Oʻzbekistonda rus tili maktab darsligida kazino reklamasi aniqlandi

    10-sinf rus tili darsligidagi QR-kod havolasi bogʻlangan sayt buzib kirilgani mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda rus tili maktab darsligida kazino reklamasi aniqlangani haqidagi xabarlar tarqaldi va muhokamalarga sabab boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning maʼlum qilishicha, oʻtgan 2022-yilda chop etilgan 10-sinf rus tili darsligidagi QR-kod havolasi shu paytga qadar toʻgʻri boʻlgan va dars topshiriqlariga yoʻnaltirilgan. Bugungi kunda QR-kodga bogʻlangan sayt buzib kirilgani mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi.

    Vazirlik tomonidan 10-sinf rus tili darsligidagi mashqlarni bajarish uchun QR-kod orqali kirilganda paydo boʻlayotgan “onlayn kazino” havolasiga kirish imkoniyatini cheklash boʻyicha tegishli soha tashkilotlariga murojaat qilindi.