Oʻzbekistonda sabzi narxlari minimal maqbul darajaga yetdi

    Agrosektor 10 Noyabr 2021 1401

    Oʻzbekistonda noyabr oyidagi sabzining narxini 2021-yil iyun oyi bilan taqqoslaganda 4-5 barobargacha tushganligini koʻrish mumkin. Qishloq xoʻjaligi vazirligining prognozlariga koʻra, 2022-yil bahorida kutiladigan yangi hosilga qadar sabzining narxi shu darajada saqlanib qoladi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi va tegishli tashkilotlar tomonidan sabzi narxini barqarorlashtirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar orasida quyidagilarni alohida taʼkidlab oʻtish mumkin: ushbu ekin ekiladigan maydonlarni koʻpaytirish, yuqori hosilli navlarni ekish, shuningdek, sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash va kasallik hamda zararkunandalarga qarshi oʻz vaqtida kurash choralari kabi sifatli agrotexnik ishlar shular jumlasidan.

    Chora-tadbirlar natijasida 2021-yilda sabzining oʻrtacha hosildorligini bir gektardan 20-25 tonnadan 30-40 tonnagacha miqdorda oshirish imkoniyati yaratildi. Shu tariqa 1 kilogramm sabzining tannarxi fermer xoʻjaliklarida 700-800 soʻmgacha (6,5-7,5 sent) arzonlashdi. 20-iyun holatiga koʻra, 1 kilogramm sabzining oʻrtacha chakana narxi 6 000-10 000 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda (2021-yil oktyabr-noyabr) 2 000 soʻmgacha tushdi, dalaning oʻzidagi oʻrtacha xarid narxi esa 1 kilogramm sabzi uchun 1 000-1 500 soʻm atrofida.

    2021-yilgi sabzi: ichki bozor, zaxira, qayta ishlash va eksport

    Joriy yil sabzi narx oʻzgarishi tufayli koʻp bora eʼtibor markazida boʻldi, buning asosiy sababi 2021-yil bahorda “ertapishar sabzining” yetilishi deyarli bir oyga kechikdi.

    Yozga kelib, sabzi narxiga oid vaziyat butunlay barqarorlashdi. Yoz oxiri va kuz oylarining boshida esa Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan aholi uchun “daladan isteʼmolchigacha” tamoyili asosida arzonlashtirilgan yarmarkalar ishga tushirildi. Ularda sabzi va boshqa asosiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari shundoq dalaning oʻzidan bozor rastalariga olib kelingani sabab, past narxlarda sotilishiga erishildi.

    2021-yili barcha toifa xoʻjaliklarida sabzi jami 124,4 ming gektar (oʻtgan yilga qaraganda, 18,2 ming gektarga koʻp) maydonda ekildi. 2021-yilda yetishtirilgan 2 million tonnadan ortiq hosildan (oʻrim-yigʻim ishlari davom etyapti) asosiy qismi ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan.

    Bunda “takroriy ekindan” yigʻilgan 140 ming tonna sabzi qishki-bahorgi mavsumda aholi taʼminoti uchun zaxiraga olinadi, “kechpishar” sabzining bir qismi esa umumiy quvvati 250-300 ming tonna boʻlgan oʻnlab ixtisoslashtirilgan korxonalar bazasida qayta ishlanadi (2020-yili 110 ming tonna sabzi qayta ishlash, yaʼni quritish, shok usulida muzlatishga yuborilgan edi).

    Taʼkidlash kerak, mamlakat aholisining sabzi mahsulotiga boʻlgan yillik talabi 700-800 ming tonnani tashkil etadi (tibbiy meʼyorlarga koʻra, bir insonning yillik ehtiyoji taxminan 20 kilogrammdan iborat). Isteʼmol savatchasidagi sabzi mahsulotining ulushi 0,4% hisoblanadi.

    2021-yili sabzi eksporti hajmi xorijiy davlatlarda ushbu qishloq xoʻjaligi mahsulotiga boʻlgan talab va xarid narxlarining oʻsishi oqibatida sezilarli darajada oshdi. 2021-yil 1-noyabr holatiga koʻra, jami 50,5 ming tonna yoki oʻtgan yilgi shu davrga nisbatan 17% (43,4 tonna)ga koʻp sabzi eksport qilindi. Eksport qilingan sabzining 65% i aprel-iyun oylari, yaʼni “ertapishar sabzi” mavsumiga toʻgʻri keldi.

    2021-yili 7,6 million dollarga teng sabzi mahsuloti 9 ta davlatga eksport qilindi: asosan Qozogʻiston Respublikasiga 30,5 ming tonna (4 million dollar), Qirgʻiziston Respublikasiga 16,5 ming tonna (2,8 million dollar), Rossiya Federatsiyasiga 3 ming tonna (704 ming dollar), shuningdek, Tojikiston, Belarus, Chexiya, Ukraina, Koreya Respublikasi va BAA davlatlariga yetkazib berilgan, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.