Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” dasturlari yoʻlga qoʻyilmoqda.
Ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani, Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.
Maʼlumot oʻrnida: “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” — bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday koʻrinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir. Ushbu loyihalar asosidagi metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida oʻz samaradorligini isbotladi.
U 30 ta mahalliy hokimiyat organida qoʻllanildi va 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor boʻldi.
Ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan soʻng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.