Farmonga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
- “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimida yaratilgan jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarni elektron roʻyxatga olish va ularni koʻrib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi dasturiy modulni barcha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarga ulanishini va 2021-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq ishga tushirilishini;
- uch oy muddatda jinoyatlar haqidagi ariza, xabar va boshqa maʼlumotlarni qabul qilish va koʻrib chiqish, shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini oʻtkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar:
- surishtiruvchi va tergovchilarni videotasvirga olish vositalari bilan taʼminlash;
- tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarini tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishda foydalaniladigan texnik vositalar va uskunalar bilan toʻliq jihozlash va ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻradi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
- bir oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
- ikki oy muddatda prokuratura organlarining belgilangan shtat birligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokuraturalari tizimida prokuror-kriminalist lavozimini joriy etish;
- uch oy muddatda Davlat byudjeti parametrlarida prokuratura organlari uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida va byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan prokuror-kriminalistlarni zamonaviy maxsus jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi.