Oʻzbekistonda terini qayta ishlashda Yevropaning Traceability tizimi joriy etiladi

    Sanoat 25 Sentabr 2023 1301

    Milanda boʻlib oʻtgan Linapelle koʻrgazmasi doirasida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Yevropa hamjamiyatining charmchilar va libos tikuvchilar milliy uyushmalari konfederatsiyasi (COTANCE) rahbari Manuyel Rios va Italiya charmchilar uyushmasi (UNIC) vakili Julia Martin bilan uchrashdi.

    Maʼlumot uchun, Yevropa hamjamiyatining charmchilar va libos tikuvchilar milliy uyushmalari konfederatsiyasi (COTANCE) Yevropa charm sanoatining vakillik organi hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevropadagi barcha milliy charm ishlab chiqaruvchilar uyushmalarini birlashtiradi. Bryusselda joylashgan COTANCE xalqaro miqyosda Yevropa charm sanoati manfaatlarini ilgari surish uchun yaratilgan. COTANCE Yevropa charm sanoati nuqtayi nazarini ifodalovchi yagona malakali organdir.

    Uchrashuvda jahon charm sanoatining dolzarb masalalari muhokama etildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda charm zavodlarini modernizatsiya qilish, korxonalarda boshqaruv sertifikatlarini joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.

    Manuyel Rios 2025-yilda Yevropaga olib kiriluvchi charmga qoʻyiladigan talablar haqida Uyushma rahbariyatiga batafsil maʼlumot berdi. Xususan, terini barcha bosqichlarda kuzatish tizimi joriy etilyapti. U orqali charmning hosil boʻlishidan boshlab, tayyor charmda qanday turdagi mahsulot ishlab chiqarilishigacha boʻlgan jarayonlar kuzatib boriladi.

    Yigʻilishda Oʻzbek charm mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish jarayonini toʻxtatmaslik uchun ushbu tizimni Oʻzbekistonda joriy etish muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekiston charm sanoatini strategik rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.