Mazkur hujjat Prezidentimizning 2021-yil 25-maydagi “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tayyorlanmoqda. Bu jarayonga qator xalqaro tashkilotlar ekspertlari va maslahatchilari jalb etilgan.

Strategiya Oʻzbekistonda tibbiyotni yangi bosqichga olib chiqishni koʻzda tutadi. U tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, sohani moliyalashtirish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, elektron sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiyot xodimlari salohiyatini oshirish kabi sakkizta muhim yoʻnalishni qamrab oladi.

Maʼlumki, bugun har bir sohada innovatsiyalarning oʻrni juda muhim. Jumladan, sogʻliqni saqlash tizimida ham bunga ehtiyoj yuqori. Qolaversa, xalqaro amaliyot shuni tasdiqlaydiki, tibbiyotni jahon standartlari darajasiga olib chiqishda ilgʻor boshqaruv menejmenti hal qiluvchi oʻrin tutadi.

Muammoli masalalarga kreativ yondashish, zamonaviy tendensiyalar asosida yechim topish orqali esa koʻzlangan marralarga tez va samarali erishish mumkin.

Shu maqsadda birinchi bosqichda Jahon banki ekspertlari koʻmagida ishchi guruhlar tuzilib, xalqaro va mahalliy maslahatchilar uchun texnik topshiriqlar ishlab chiqildi hamda ularga bir qator talablar belgilandi.

Navbatdagi bosqichda xalqaro ekspertlar tomonidan har bir yoʻnalish boʻyicha situatsion tahlil oʻtkaziladi. Hozir bu borada amaliy ishlarga kirishilgan.

Xususan, xalqaro ekspertlar hududlardagi davolash-profilaktika muassasalarida oʻrganishlar olib boradi. Ularga Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli boshqarmalari rahbarlari hamrohlik qiladi.

Joylardagi real vaziyat atroflicha oʻrganilgach, toʻplangan maʼlumot va dalillar tahlil qilinib, ekspert va ishchi guruhlar tomonidan xolis baholanadi va tegishli tavsiyalar taqdim etiladi.

Albatta, bularning barchasi sohadagi muammolarga xalqaro tajriba va eng ilgʻor yondashuvlar asosida amaliy yechim topishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddilari va Jahon banki tomonidan jalb etilgan xalqaro ekspertlar strategiyani ishlab chiqish bilan bogʻliq muhim vazifalar xususida fikr almashdilar.