AOKAda oʻtkazilgan brifingda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev ushbu hujjat mazmun-mohiyati hamda ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtish tartibini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi:
– Dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning soha va tarmoqlarga jiddiy taʼsiri sezilmoqda. Xalqaro savdo hajmi 3,5 trln. dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga koʻtarilishi prognoz qilinayotgan bir vaqtda mamlakatimiz oʻz kuchi va ichki imkoniyatlariga tayanib, oʻz siyosatini yuritishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan shu yil 1-maydan eʼtiboran jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari belgilandi. Xalqaro amaliyot bilan taqqoslaganda, tovarlarni bojsiz olib kirish normalari Oʻzbekistonda yuqori belgilangani namoyon boʻladi. Iqtisodi ancha katta, imkoniyatlari kengroq boʻlgan davlatlar ham, boj toʻlovisiz oʻz mamlakatlariga kirib keladigan tovarlar qiymatini qatʼiy cheklagan. Qayd etilishicha, 2023-2024-yillarda 1,1 mingta holatda 8,3 mlrd. soʻmlik bojxona qoidalari buzilishi aniqlangan. Oʻtgan yilning oʻzida Oʻzbekistonda 687 mingdan ziyod fuqarolar nomiga 5 mln. 735 mingdan ziyod joʻnatmalar kelgan. Yaʼni, joʻnatmani qabul qilgan har bir fuqaro nomiga oʻrtacha 8 tadan joʻnatma kelgan. Ayrim fuqarolar nomiga esa yiliga 1000 tadan 2400 tagacha (yaʼni, kuniga oʻrtacha 3-6 ta) joʻnatma kelgan.
Barchaga maʼlum, har bir davlat bugungi dunyodagi tub iqtisodiy oʻzgarishlar davrida, global sanksiyalar sharoitida oʻzining iqtisodiy siyosatini milliy manfaatlari va oʻz xalqining farovonligi nuqtayi nazaridan tashkil etmoqda. Ayni paytda, qaror bilan kiritilayotgan oʻzgarishlar xalqaro standartlar va rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasiga toʻliq muvofiq keladi.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda “500 nafar yoʻlovchini deb 37 mln. odamni jazolashga qaror qilinibdi” degan fikrlar bildirildi. Bu 500 yoʻlovchi birgina Toshkent xalqaro aeroportidagi holat, Respublika miqyosida esa bu koʻrsatkich faqat havo yoʻllari orqali 10 ming nafarni tashkil etmoqda. Masalan, ayrim fuqarolar 90 kun davomida 90-marta, yaʼni har kuni chet elga uchish bilan shugʻullanib, tovarlarni bojlarsiz olib kirishni kasbga aylantirgan. Albatta, bu holatni tabiiy deb boʻlmaydi va belgilangan imkoniyatlarni suiisteʼmol qilishdan boshqa narsa emas. Umumiy hisoblaganda, masalan 3 ming yoʻlovchi doirasida hisob-kitob qilsak, 1 oyda 3 mingta fuqaro kamida 10 marotaba borib kelsa, har gal qiymati 2 ming dollarlik kamida 30 kg. tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj uchun deb olib kirsa, bu 1-yilda qiymati 720 mln. dollarlik salkam 11 ming tonna tovar ichki bozorga hech qanday toʻsiqlarsiz va bojxona toʻlovlarisiz kirib keladi deganidir!
Bu yerda shaxsiy ehtiyoj toʻgʻrisida gapirishga umuman oʻrin yoʻq. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, avtomobilda va piyoda ravishda harakatlaniladigan chegara bojxona postlari orqali ayrim fuqarolar oʻziga tegishli boʻlmagan tovarlarni maʼlum haq evaziga olib oʻtib berib, “tashmachilik” faoliyati bilan shugʻullanmoqda. Ulardan ayrimlari bir oyda 100-martagacha chegarani kesib oʻtayotganini inobatga olsak, oʻz ehtiyoji uchun degan niqob ostida aslida tijorat maqsadidagi tovarlarni tashishayotgani oydinlashadi. Natijada, bu yoʻl bilan yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona toʻlovlarsiz Oʻzbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda.
Kuryerlik joʻnatmalari orqali bojsiz olib kirish meʼyorlari Xitoyda 288 AQSH dollari, Janubiy Koreyada 150 AQSH dollari, Gruziyada 125 AQSH dollari, Ukrainada 100 yevro, Buyuk Britaniyada 188 AQSH dollari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 41-175 AQSH dollari va Turkiyada 79 AQSH dollarini tashkil qiladi. Oʻtgan yil Oʻzbekistonda 687 mingdan ziyod fuqarolar nomiga 5 mln. 735 mingdan ziyod joʻnatmalar kelgan. Yaʼni, joʻnatmani qabul qilgan har bir fuqaro nomiga oʻrtacha
8 tadan joʻnatma kelgan. Ayrim fuqarolar nomiga esa yiliga 1000 tadan 2400 tagacha (yaʼni, kuniga oʻrtacha 3-6 ta) joʻnatma kelgan. Joʻnatmalar soni 2023-yilga nisbatan salkam 3 barobarga oshgan. Ushbu joʻnatmalarda 167 mln. AQSH dollari qiymatidagi salkam 22,3 ming tonna tovarlar kirib kelgan. Bu 2023-yilga nisbatan qiymat jihatidan 1,4 barobarga, miqdor jihatidan 1,3 barobarga koʻpayganini anglatadi.
Nomiga joʻnatmalar yuborilgan fuqarolarning shaxsi oʻrganilganida ular orasida vafot etgan shaxslar ham aniqlangan, aksariyat hollarda esa nomiga chet eldan joʻnatma kelgani haqida fuqarolarning xabari ham yoʻqligi maʼlum boʻldi. Shu sababdan endilikda, temiryoʻl va daryo transportida hamda avtomobil oʻtkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda ikki kalendar kundan, havo transportida uch kalendar kundan kam muddat boʻlgan taqdirda, bojsiz olib kirish normalari qoʻllanilmaydi. Bunda, ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning toʻliq qiymatidan yagona bojxona toʻlovi undiriladi. Bu kabi muddat belgilash amaliyoti boshqa davlatlarda ham bor. Masalan, Kanada, Singapur va Ozarbayjonda 48 soatni tashkil qiladi. Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, ilgarigi amaldagi qonunchilikda chegara postlari orqali tovarlarni notijorat tovar niqobi ostida noqonuniy olib oʻtish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Shuningdek, 2024-yilda chegara bojxona postlarimizda “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan 1190 nafar jismoniy shaxslar tomonidan 21 mlrd. soʻmga yaqin tovarlarni noqonuniy olib oʻtishga boʻlgan urinishlar aniqlangan.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu oʻzgarishlar tartibli tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali tushumlarni oshirish hisobiga faqat va faqat jamiyatimiz manfaatiga, iqtisodiyotimizning barqaror oʻsishiga, tadbirkorlarimizni emin-erkin ishlashlariga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, byudjetga tushumlarning oshishi hisobiga yangidan-yangi bogʻchalar, maktablar, tibbiyot muassasalarining qurilishiga va infratuzilmani kuchaytirishga, pirovardida odamlarimizning turmush farovonligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.