Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi aloqalar raqamlarda aks etgan infografikani e'lon qildi. Unda tashqi savdo aloqalari, import-eksport hajmi keltirilgan. Shuningdek, ushbu infografikada ikki davlat o'rtasida o'zaro savdo ulushi qaysi mahsulotlar bilan ko'proq amalga oshirilishini bilib olish mumkin.
O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi o'zaro savdo hajmlarining jadal o'sishi natijasida Turkiya 2021-yilda O'zbekistonning to'rtinchi eng yirik tashqi savdo hamkoriga aylandi.
So'nggi uch yilda O'zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan turk investitsiyalarining hajmi ikki baravar oshib, 2021-yil yakuniga ko'ra 1,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. “Çalık Holding”, “Akaya İnşaat”, “Varnet” kabi turk kompaniyalari va boshqa investorlar bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi.
2021-yil yanvar-dekabr oylarida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo hajmi 3 388,3 mln. dollarni tashkil etdi. Shundan 1 690,1 mln. dollar yoki 49,9% eksport, 1 698,3 mln. dollar yoki 50,1% importga to'g'ri keldi.
O'zbekiston jahonning 150 ta mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Turkiya Respublikasi bilan umumiy tashqi savdodagi ulushi 8,1%ni, eksportda 10,2%ni, importda 6,7%ni tashkil etdi.
2022-yil yanvar-fevral oylarida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi o'zaro savdo ulushida eng yuqori ko'rsatkich sanoat mollari hissasiga to'g'ri kelyapti.