Oʻzbekistonda soʻnggi uch yilda 2 mingdan ortiq insonlar ota-onalik huquqidan mahrum qilingan. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova “Lolazor” podkastida aytib oʻtdi.
Ombudsmanning soʻzlariga koʻra, ota-onalikdan mahrum qilinish holatining eng koʻpi ularning jinoyatlar sodir etishi yoki bolaga nisbatan ota-onalik majburiyatini bajara olmaganlik, shuningdek, kasalliklar bilan bogʻliq.
Mahrum qilinish holatlarning mutlaq katta qismi — 86 foiziga ota-onalik majburiyatlarini bajarmaganlik, 14 foizi esa bolalarini tashlab ketganlik, ularga jismoniy va ruhiy tazyiq oʻtkazganlik, ichkilikbozlik va giyohvandlik moddalariga berilishi yoki bolasi yoki eri (xotini) hayoti-sogʻligiga qasddan jinoyat sodir etish sabab boʻlgan.
Bolalar ombudsmani ota-onalik huquqidan mahrum boʻlgan ota-onalar farzandlarining keyingi taqdiri haqida soʻzlab, ularning asosiy homiysi davlat boʻlishi haqida tushuntirish berdi.
“Ota-onalikdan mahrum qilindi degani, bolaning toʻliq ijtimoiy majburiyatlari davlat zimmasiga oʻtadi deganidir. Davlat uning asosiy homiy, vasiysi hisoblanadi. Vasiylik va homiylik organlari bolaning qonuniy vakili sifatida oʻrtaga chiqadi. Bu organlar ham hozirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga oʻtkazilgan. Ular tumanlarda oilalarga eng yaqin vasiylik funksiyasini bajaradigan ijtimoiy yordam koʻrsatadigan asosiy boʻgʻinlardir”, — dedi u.
Keltirilishicha, yetim va ota-ona gʻamxoʻrligidan mahrum boʻlgan bolalarning toifasiga kiruvchi bolalar barcha ijtimoiy huquqlar bilan taʼminlanadi. Shu jumladan ularning yoshi yetgandan soʻng uy-joy bilan taʼminlanishini nazorat qilish va koʻmaklashish bolalar ombudsmani vazifasiga kiradi.