Bu noyob va qimmatli tuhfa Markaz direktori Shoazim Minovarov hamda Markaz direktorining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari shayx Abdulaziz Mansur tomonidan qabul qilib olindi, deya xabar beradi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Tadbirda Oʻzbekistondagi diniy ulamolar, ziyolilar, soha mutaxassislari va tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Jarayonda bevosita qatnashgan, Qurʼoni karim tafsiri mualliflaridan biri boʻlgan ulamo Shayx Abdulaziz Mansur bu qilingan ish nafaqat yurtimiz, balki jahon xattotligi sanʼati va butun islom olami uchun katta va quvonchli voqea ekanligini taʼkidladi.
Xattot shunday fikrlari bilan oʻrtoqlashdi:
“Mahobatli inshoot barpo etilishidan ilhomlanib, imkon darajasida hissa qoʻshish niyatida buzoq terisidan maxsus tayyorlangan sahifalarga, musʼhaf matnining yoniga barcha uchun oson va tushunarli oʻqilishi maqsadida ”nasx“ uslubida oʻqilishini ham alohida yozdim. Jami 586 betdan ziyoda asar boʻldi. Asl nusxa sahifalarining cheti va baʼzi varaqlar yarmigacha nobud boʻlgan qismlarini xuddi oʻzidek tiklashga harakat qildim. Ikki yillik tinimsiz mehnat natijasini bugun koʻrib turibsiz.”
Usmon Musʼhafining navbatdagi noyob nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazining eng qimmatbaho eksponatlaridan biri sifatida saqlanadi.