Bu haqda IIV axborot xizmati maʼlum qildi, deb yozadi OʻzA.

Qayd etilishicha, 5 nafar guruh yetakchisi va 84 nafar vositachi aʼzolar qoʻlga olindi. Shuningdek, 8 yashirin narkolaboratoriya fosh etildi.

Bu narkojinoyatchilarning 20 nafari psixotrop dorilarni, 28 nafari anʼanaviy narkotiklarni tarqatish bilan shugʻullangan. 41 nafari sintetik narkotiklarni tarqatishni onlayn narkodoʻkonlar orqali amalga oshirgan.

2025-yil davomida 14 yashirin narkolaboratoriya aniqlangan boʻlsa, joriy yilning 2 oyi davomida 8 narkolaboratoriya aniqlandi.

Narkolaboratoriyalarning 3 tasi psixotrop moddalarni tayyorlash bilan shugʻullangan yashirin sexlar boʻlsa, 5 tasi sintetik narkotik moddalarni tayyorlovchi narkolaboratoriyani tashkil qilgan.

Tezkor tadbirlar natijasida yanvar fevral oylarida 41 kg anʼanaviy narkotiklar, 100 kg.dan ortiq sintetik narkotiklar, 1 million dozaga teng 200 mingga yaqin psixotrop dori vositalari va 2 tonnaga yaqin prekursorlar noqonuniy muomaladan olib qoʻyildi.

Aniqlanishicha, ushbu uyushgan jinoiy guruhlar oʻrtacha 3 oydan 10-yilgacha vaqt oraligʻida faoliyat yuritgan. Bir yilda oʻrtacha 1 million donadan ortiq psixotrop dori vositalari, bir yil davomida 2-2,5 tonna “gashish” va “opiy” kabi narkotik moddalarni oʻtkazishni amalga oshirgan.

Internet narkodoʻkoni tomonidan bir yilda oʻrtacha 350 kg, 3-yil davomida 4 million dozaga teng boʻlgan 700 — 800 kg sintetik narkotik moddalar “zakladka” usulida tarqatilgan.

Narkojinoiy guruhlar tomonidan turli xildagi giyohvandlik vositalarini Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarining jami 40 tuman va shahrida faol tarzda tarqatish amalga oshirilgan.

Narkotik moddalar savdolari transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib, yurtimizga Afgʻonistondan Surxondaryo orqali, Qirgʻizistondan Namangan va Andijon viloyatlari orqali, Qozogʻistondan Toshkent viloyati orqali respublikaga kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan.

Mazkur xavf-xatarlarga qarshi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keskin choralar koʻrilmoqda.