Transport vazirligi tashkil etilishi bilan havo transportini tubdan takomillashtirish ishlari ham boshlandi. Prezidentning 2021-yil 30-apreldagi “Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga binoan, 2021-2022-o'quv yilidan Toshkent davlat transport universitetida uchuvchilarni tayyorlash boshlanadi.

Pandemiya sabab o'tgan yili mart oyida to'xtab qolgan parvozlar bosqichma-bosqich qaytadan yo'lga qo'yilmoqda.

Doniyor JUMAYEV,

Transport vazirligi Havo transportini rivojlantirish departamenti boshlig'i:

— Respublika aholisining havo transportidagi faolligi, shuningdek, ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish, aviaqatnovlarning ommabopligini oshirish, fuqarolarni mamlakatimizning madaniy–tarixiy merosi hamda tabiiy boyliklari bilan tanishtirish uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 2021-yilning bahor-yoz mavsumidan pandemiyadan oldingi mavjud hamda mutlaqo yangi yo'nalishlar yo'lga qo'yildi. Maxalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga 17 dan baxor-yoz mavsumida 67 taga oshirish ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, avval bo'lmagan Farg'ona — Urganch, Termiz — Urganch yo'nalishlari tashkil etildi.

Xalqaro yo'nalishlar ham asta-sekin ochilyapti. Pandemiyadan oldin 50 dan ortiq yo'nalish bo'lsa, hozir 14 ta davlat bilan muzokaralar o'tkazib, 30 ga yaqin yo'nalishda muntazam parvozlarni amalga oshiryapmiz. Ammo pandemiya jarayonga o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmayapti. Ayniqsa, Rossiya va Qozog'iston yo'nalishlari eng og'riqli nuqtalarimiz bo'lib turibdi. Rossiyada o'rnatilgan cheklovlar sabab hozir faqat 2 ta muntazam reys bor. Vaholanki, pandemiyagacha bir haftada 184 ta reysni bajarganmiz. Ya'ni ushbu yo'nalishlarga talab yuqori. Reyslarning kamligi sabab chiptalar narxlari qalloblar tomonidan 1,5 ming dollargacha oshirib yuborilgani holatlari ham aniqlandi va ularga huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda tegishli choralar ko'rildi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida maksimal darajada internet sotuvlarini yo'lga qo'yib, chiptalar narxlarini bir necha barobar tushirishga erishdik.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining 30 ga yaqin eng zamonaviy havo kemalaridan tashkil topganiga qaramay, bugungi kunda yo'lovchilarga yanada sifatli xizmat ko'rsatish maqsadida ularni yanada zamonaviy havo kemalariga almashtirish, havo parkini yangilash ishlari boshlab yuborilgan. Joriy yil 3 mayda yangi “Boing-787 Dreamliner” havo kemasi olib kelindi. Keyingi yillarda yana 3 ta yangisini sotib olish ko'zda tutilgan.

Aviatsiya sohasini rivojlantirish doirasida kichik aviatsiyaga ham e'tibor qaratilyapti. Joriy yilda “Airbus”  kompaniyasining 4 ta zamonaviy vertolyot olib kelib, aholiga yangi formatdagi xizmatlarni taklif etish maqsad qilingan. Ulardan turistik yo'nalishlarda sayyohlarni va aholini tog'li hududlarga tashish nazarda tutilgan.

Bugungi kunda yo'lovchilar uchun amaliyotda yana bir yangi xizmat — yuksiz tariflar tatbiq etildi. Dunyoda keng ommalashgan ushbu tarifdan yo'lovchi yuki bo'lmagan holatda foydalanishi mumkin. Ya'ni bunda yuk uchun alohida pul to'lash talab qilinmaydi. Bu esa chipta narxlarini 15-20 foizgacha arzonlashtirishga olib keldi.

Bundan tashqari, onlayn sotuvlarni rivojlantirish ham aholiga qulaylik yaratmoqda. Internetdan chipta xarid qilgan yo'lovchilarga 3 foiz chegirma beriladi. Bu ishlar tizimda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishning yana bir ko'rinishi bo'lib, bunday yangiliklar soni va sifatini oshirib borish ko'zda tutilgan.