Oʻzbekistonda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti tashkil etilish masalasi Buyuk Britaniyada muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2021 2312

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik agrar universiteti yangi tashkil etilayotgan Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti oʻquv dasturlarini muhokama qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning eng qadimiy qishloq xoʻjaligi universiteti – Uels shahzodasi qirolligi homiyligidagi Royal Agricultural University (RAU, www.rau.ac.uk) ga tashrif buyurdi. Oʻzbekiston agrar idorasi vakillarining tashrifidan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish yuzasidan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va boshqa masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.

    Delegatsiyaga Toshkent davlat agrar universiteti rektor maslahatchisi lavozimiga tayinlangan professor Munira Aminova boshchilik qildi. Professor M. Aminova Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari bilan birgalikda RAU rahbariyati, jumladan, prorektor oʻrinbosari professor Nil Ravenskroft, RAU Qishloq xoʻjaligi maktabi rahbari Filip Xadson va RAU tadqiqot direktori professor Mark Xorton bilan uchrashdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    “Biz Oʻzbekiston jamoasini Sayrensesterda kutib olishdan mamnunmiz, – dedi professor Ravenskroft. – Bu yil boʻlib oʻtgan muhokamalar natijalariga koʻra, ular Oʻzbekistonda yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish boʻyicha hamkorlik talablariga javob bera olishimizga ishonch hosil qilish maqsadida universitetimizga tashrif buyurdi. RAUning tarixiga nazar tashlasak, u barcha davrlarda butun dunyo boʻylab qishloq xoʻjaligi mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga intilib, bilimlar xalqaro formatda boʻlsada, dolzarb boʻlib qolishiga va mahalliy darajada qoʻllanilishiga, talabalarning jahon darajasida taʼlim olishlarini taʼminlashga harakat qildi.

    Professor Nil Ravenskroftning taʼkidlashicha, RAUning Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan mustahkamlanib borayotgan aloqalari ushbu anʼanaviy yondashuvni davom ettirib, yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti talabalari ushbu hamkorlikdan eng yaxshi natijalarga erishishlarini taʼminlaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi jamoasi universitetning talabalari, oʻqituvchilari va boshqa xodimlari bilan uchrashdi, talabalar shaharchasi va universitet xoʻjaligining Farm-491 agrotexnologik inkubatorida boʻlib, infratuzilma bilan tanishishdi. Shuningdek, delegatsiyaga yangi virtual oʻquv muhiti (Virtual Learning Environment) va RAU talabalarining hamkor universitetlar bilan masalan, Xitoyda oʻqitishda muvaffaqiyatli qoʻllanilgan boshqa innovatsiyalar namoyish etildi.

    “Biz Buyuk Britaniyaning qishloq xoʻjaligi universiteti bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz va Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida Britaniya taʼlim standartlarini joriy etish uchun ochiqmiz, – deydi professor M. Aminova. – Biz qishloq xoʻjaligi sohasida tadqiqotlar, mukammal va sifatli taʼlimni birgalikda joriy qilishni intiqlik bilan kutamiz va bu hamkorlik oʻzaro manfaatlar va yangi imkoniyatlar olib kelishiga aminmiz”.

    Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti Oʻzbekiston hukumatining qishloq xoʻjaligini raqobatbardosh tarmoqqa izchil aylantirish yoʻlida qishloq xoʻjaligi va bilimlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishishga qaratilgan eksportga yoʻnaltirilgan va erkin bozor sektoriga aylantirish boʻyicha olib borayotgan harakatlarini qayd etdi.

    Oʻzbekistonda yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish, shuningdek, RAU bilan hamkorlik masalalari Oʻzbekiston hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. 2021-yil yozda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qirollik qishloq xoʻjaligi universiteti (RAU) va Litva Vitautas Magnus University (VDU) oʻrtasida uch tomonlama oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolangan boʻlib, uning asosida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, RAU hamda VDU yangi xalqaro universitetni yaratish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib borishlari mumkin boʻladi.

    Shuningdek, memorandumda universitetlar oʻrtasida oʻqituvchi va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda fermerlar va fermer xoʻjaliklari maslahatchilarining malakasini oshirish va almashish dasturlarini amalga oshirish, loyiha va dasturlar ishlab chiqish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish, xalqaro konferensiyalar va boshqa koʻplab masalalar koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasining “Qishloq xoʻjaligida ilm-fan, taʼlim va axborot xizmatlari tizimlarini rivojlantirish” bandi – sohadagi ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Mazkur ilm-fan va taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlikni kengaytirish loyihasi strategiyadagi ustuvor vazifalar ijrosining amaliy koʻrinishlaridan bir debochadir.