“Dunyo” AAning xabar berishicha, "Kazinform" xalqaro axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, Ittifoqning Toshkentdagi vakolatxonasi mintaqadagi beshta davlatga xos ekologik muammolarni har tomonlama oʻrganish bilan shugʻullanadi.

Ofis oʻz faoliyati doirasida ushbu davlatlar hukumatlariga ekologik oqibatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi, shuningdek, tegishli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.

– Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining mintaqaviy vakolatxonasi nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoning barcha beshta davlatida ekologik loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, u olimlar va tadqiqotchilar oʻrtasida tajriba almashish maydonchasiga aylanadi, – dedi Oʻzbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi mintaqada qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Xususan, “Blue Peace Central Asia 2.0” dasturi doirasida tashkilot suv diplomatiyasini rivojlantirishga koʻmaklashish va transchegaraviy suv havzalarining ekologik holatini yaxshilash niyatida.