O'zbekistonda xavfsiz turizm standartlarini joriy qilishga doir dastlabki monitoring o'tkazildi  

    Turizm 20 May 2020 1500

    Bugungi kunda eng dolzarb mavzulardan biri bo'lgan koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotining barcha jabhalariga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. SHu qatorda turizm ham eng zarar ko'rgan sohalardan biriga aylandi.

    So'nggi haftalarda O'zbekistonda virus tarqalish sur'atlari pasayib bormoqda, shu bois hukumat asta-sekinlik bilan iqtisodiy faollik va zarur infratuzilmalarni qayta tiklamoqda.

    Sayyohlarga xizmat ko'rsatish obektlaridagi sanitar sharoitlarni o'rganish va ularning xavfsiz faoliyat yuritishga tayyorgarligini tekshirish maqsadlarida Vazirlar Mahkamasining topshirigiga muvofiq ishchi guruh tashkil etilib, uning tarkibiga Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi va boshqa vazirlik, idora, jamoat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) kiritildi.

    11-16 may kunlari ishchi guruh tomonidan mehmonxonalar, markaziy avtovokzal, markaziy temir yo'l vokzali hamda Toshkent xalqaro aeroporti kabi infratuzilmalar holatining dastlabki monitoringi o'tkazildi. Ob'ektlar ishchi guruh vakillari tomonidan ko'zdan kechirilib, personal bilan sayyohlar tashrifi, vaqtincha mamlakatimizda bo'lishi va ularning jo'nab ketishi bilan bog'liq jihatlar muhokama qilindi. O'rganish natijalariga ko'ra, mehmonlar xavfsizligiga oid ba'zi kamchiliklar aniqlandi.

    Ishchi guruh mutaxassislari tomonidan ularni bartaraf qilish va turli ob'ektlarda sanitar xavfsizlik normalarini ishlab chiqishda jamoaviy faoliyatni yo'lga qo'yish bilan bog'liq tegishli ko'rsatmalar va tavsiyalar berildi. Ishchi guruh tomonidan joylashtirish vositalari uchun yangi sanitar normalar loyihasi tayyorlanmoqda, barcha turistik ob'ektlarini sanitar xavfsizlik vositalari bilan ta'minlash bo'yicha xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda, O'zbekistonning turizm sohasidagi sanitar xavfsizligini aprobatsiya qilish uchun sinov tizimini joriy etish maqsadida har bir hududdagi ob'ektlar ro'yxati shakllantirilmoqda.

    Bundan tashqari, ecolab (AQSH), D`versey (Turkiya), Saraya (YAponiya) va boshqa yirik sanitar-gigienik vositalar etkazib beruvchilar, inshootlarni xavfsizlantiruvchi protokollar va turli darajadagi mezonlar ishlab chiquvchilari bilan muzokaralar o'tkazish kutilmoqda. Maqsad sanitar ishlov berish va gigienaga doir xalqaro mezonlarni tatbiq qilish, shuningdek, sayyohlar harakatlanishining barcha bosqichlarida tegishli vositalarni etkazib berish imkoniyatlarini organishdan iboratdir. SHu bilan birga, mahsulotlarni O'zbekistonga keltirish jarayonlari bilan bog'liq masalalar va ularning muddatlari, turistik biznes vakillari uchun chegirmalar taqdim etish, mavjud mezonlar bo'yicha hududlar kesimida ham sertifikatsiya o'tkazish masalalari muhokama qilinadi. Ayni damda Ishchi guruh tomonidan O'zbekistonda xavfsiz turizm standartlarini joriy qilish va sertifikatlashga oid zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.