Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari R. Karimjonov Xitoyga xizmat safari doirasida Xidian universiteti rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va XXR oʻrtasidagi mavjud hamkorlik aloqalarini raqamlashtirish, taʼlim va yangi innovatsiyalar orqali yanada mustahkamlash borasida hamda oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Universitet tomonidan 2025-yildan boshlab Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda oʻzbek yoshlari uchun raqamlashtirish sohasiga qaratilgan taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyishi maʼlum qilindi.
Qolaversa, universitetning Oʻzbekistonda oʻz filialini tashkil qilish masalasi ham tegishli darajada muhokama qilinayotgani va imkoniyatlar oʻrganilayotgani maʼlum qilindi hamda universitet tomonidan Oʻzbekistonda AyTi taʼlim markazi tashkil etilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.
Vazir oʻrinbosari tomonidan raqamli taʼlimni rivojlantirish va XXRning ilgʻor tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish uchun malakali mutaxassisni oʻzbek universitetiga jalb qilish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida, universitet Toshkent shahridagi INHA universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xidian universiteti 1931-yil tashkil topgan boʻlib, Xitoydagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. Universitet elektronika, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida kuchli ilmiy bazasi bilan mashhur.