Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Boyboʻta Doʻstqorayev vafot etdi

    Tashvishli xabar 28 Iyul 2021 1078

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, koʻplab jurnalistlarning ustozi Boyboʻta Doʻstqorayev vafot etdi.

    Taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boyboʻta Doʻstqorayev 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi Boyboʻta Doʻstqorayevning vafoti munosabati bilan uning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

    Boyboʻta Doʻstqorayev 1942-yil 12-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Oqtoʻnli” qishlogʻida tugʻilgan. ToshDU (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetida 1969-yildan ish boshlagan boʻlsa, qariyb yarim asrlik umrini oʻqituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil oʻrganishga bagʻishlagan (https://saviya.uz/hayot/nigoh/matbuot-tarixi-bilimdoni/).

    Boyboʻta Doʻstqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib borgan. 1986-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, oʻzbek matbuot tarixini oʻrganishga kirishgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining “Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi” kafedrasining mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2002-yil Prezident farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” sharafli unvoni bilan taqdirlangan.

    “Yangi Oʻzbekiston” — “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.