Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi maʼlum qildi.

Ibrohim Gʻafurov 1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. U 1956–1961-yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. Keyingi faoliyati davomida nashriyotchilik, matbuot va adabiy jarayonlarda samarali mehnat qilib, bir necha avlod ijodkorlari uchun haqiqiy maktab yaratdi.

Ibrohim Gʻafurov oʻzining serqirra ilmiy-ijodiy faoliyati davomida oʻzbek adabiyotshunosligi, milliy tarjimachilik maktabi, publitsistika va maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyot rivojiga ulkan hissa qoʻshgan fidoyi ziyoli sifatida xalqimizning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgan edi.

Ustoz nafaqat yetuk olim va ijodkor, balki taʼlim tizimida samarali faoliyat yuritib, koʻplab yosh mutaxassislar, tadqiqotchilar va adabiyotshunos olimlarning kamol topishiga munosib hissa qoʻshdi. Uning ilmiy asarlari, adabiy-tanqidiy qarashlari va boy pedagogik tajribasi bugungi kunda ham talaba-yoshlar, ilm-fan vakillari va keng kitobxonlar jamoatchiligi uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Ibrohim Gʻafurov jahon adabiyotining nodir namunalarini oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilib, milliy madaniyatimiz va taʼlim-tarbiya rivojiga beqiyos hissa qoʻshdi. Xususan, Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, Gi de Mopassanning “Azizim”, Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” va “Chol va dengiz” asarlari uning tarjimalari orqali oʻzbek kitobxonlariga yetib borgan. Uning merosi, maʼrifatparvarlik faoliyati va ustozlik maktabi kelgusi avlodlar uchun ham bebaho maʼnaviy boylik boʻlib qoladi.

Ibrohim Gʻafurov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” faxriy unvoni, Davlat mukofoti, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan, 2021-yilda esa unga “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni berilgan.

Ustozning vafoti oʻzbek adabiyoti, maʼnaviyati va tarjima maktabi uchun katta yoʻqotishdir. «Yangi Oʻzbekiston« va «Pravda Vostoka« gazetalari tahririyati jamoasi marhumning oila aʼzolari, yaqinlari, shogirdlari hamda barcha adabiyot ixlosmandlariga chuqur hamdardlik bildiradi.