Bu boʻyicha Prezidentning “Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–383-son, 18.12.2025-y.) qabul qilindi.
2025-yilda Andijon va Toshkent shaharlarida tajriba tariqasida Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Qarorga koʻra, hududiy markazlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatilishini tashkil etish;
- ogʻir hayotiy vaziyatdagi bolalarning ijtimoiy moslashuvidagi muammolarni oʻrganish orqali ularning jamiyatga integratsiyasini taʼminlash.
Hududiy markazlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya va davolash-jismoniy tarbiya, qarab turish va parvarishlash xizmatlari koʻrsatiladi.
Ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega shaxslar hududiy markazlar xizmatlaridan “Inson” markazlarining yoʻllanmasi asosida foydalanadi.
Hududiy markazlarning xizmatlaridan foydalanish bilan bogʻliq barcha tartib-taomillar toʻliq elektron shaklda amalga oshiriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining maʼlum qilishicha, jami 55 ta Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan:
- 2026–2027-yillarda — 20 ta,
- 2028–2029-yillarda — 35 ta,
jami 55 ta Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Markazlar:
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida davlat muassasasi sifatida faoliyat yuritadi;
- Agentlikning maqbullashtirilgan shtatlari hisobidan shakllantiriladi;
- Jahon bankining “Inson” loyihasi (2026–2029 yy.) doirasida jihozlanadi.
Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarida quyidagi xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi.
Asosiy xizmatlar:
- nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish;
- 18 yoshdan katta, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun qarab turish;
- rivojlanishida kechikish yoki xavf omillari mavjud bolalar uchun erta aralashuv;
- nogironligi boʻlgan bolalar va kattalar uchun abilitatsiya va reabilitatsiya.
Qoʻshimcha xizmatlar:
- nogironligi boʻlgan shaxslar uchun “mustaqil hayot” xizmatlari;
- faol keksalik xizmatlari;
- nogironligi boʻlgan bolalar oilalari uchun “ota-onalar klublari”;
- tarbiyasida muammosi boʻlgan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun psixosotsial reabilitatsiya.