Prezident har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlgan taqdirdagina, oʻz hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega boʻlishini taʼkidlagan.
“Haq berilmas, haq olinur!” deb, millat ozodligi yoʻlida jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi. Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan boʻlmaylik, mustaqillik gʻoyasi, istiqlol ruhi bizga doimo togʻdek tayanch boʻlmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni koʻra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib oʻtib kelmoqdamiz. Shu nuqtayi nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, gʻurur va shaʼnimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa boʻlib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.
Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat boʻladi. Chunki bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas», dedi davlat rahbari.