Qoraqalpogʻistonda 5 ta mikro GES ishga tushirildi

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi.

    Prezidentimizning 2025-yil 28-martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida«gi qarori asosida «Oʻzbekgidroenergo” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Respublikamiz hududlari boʻylab tizimli ravishda, tasdiqlangan rejaga binoan mikro GESlarni qurish hamda foydalanishga topshirish jarayonlari davom ettirilmoqda.

    Eʼtiborga molik jihati, bu borada mahalliylashtirish doirasida jamiyat tasarrufidagi “UzHydroPower” zavodida gidroinshootlar uchun zaruriy agregat hamda asbob-uskunalar ishlab chiqarilmoqda.

    Xususan, Nukus tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida 2 ta mikro GES qurilib, foydalanishga topshirildi.

    Tumandagi “Aqterek” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan Boʻzatov kanali oqimidan foydalangan holda quvvati 15 kVt boʻlgan mikro GES barpo qilindi. Ushbu mikro GES mahalla aholisi ehtiyoji uchun yiliga 85 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan.

    Yana ikki mikro GES – “Kerder” ovul fuqarolar yigʻiniga qarashli «Qizil uy« ovulidagi Toʻrtkoʻl kanalining suv resurslari negizida (umumiy quvvati 30 kVt.soat) ishga tushirildi. Bunda umumiy oʻrtacha yillik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 175 ming kVt.soatga teng.

    Oʻziga xos ishga tushirish tadbirlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, “Oʻzbekgidroenergo” AJ bosh boshqarmasi boshligʻi A.Zokirov, masʼul-rahbarlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

    Shu bilan birga, Xoʻjayli tumani “Samankoʻl” ovul fuqarolar yigʻinidan oqib oʻtuvchi Suyenli kanali suv tashlash inshooti boʻyida qurilgan 2 ta mikro GES har birining quvvati 50 kVt.ga teng boʻlib, loyihaga koʻra, yiliga oʻrtacha 580 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

    Alohida taʼkidlash joizki, ushbu yoʻnalishdagi keng koʻlamli ishlar mahalliy tadbirkorlar uchun namunaviy andoza shaklida bajarilmoqda. Sohaga qiziqish bildirgan tadbirkorlar davlat-xususiy sherikligi asosida oʻrnatilgan tartibda yangi mikro GESlar qurilishiga oʻz hissalarini qoʻshishi mumkin.

    Endilikda Nukus tumanida 3 ta, Xoʻjayli tumanida 2 ta mikro GES mahalliy aholi uchun elektr energiya ishlab chiqara boshlaydi.

    Aytish joizki, ushbu mikro GESlar mahallalarga biriktirib berildi hamda ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan tushgan mablagʻ mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun yoʻnaltirilishi belgilandi.

    “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati

    (Reklama huquqi asosida)