Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot rivojlantiriladi

    Boku shahrida Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov va OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo departamenti bosh direktori Yevgeniy Jukov oʻrtasida oʻtkazilgan uchrashuvda bu haqda soʻz bordi.

    BMT Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) davomida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston hukumati va OTB oʻrtasidagi hamkorlik doirasida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, infratuzilmani rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va istiqboldagi loyihalarni amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, unda infratuzilmani rivojlantirish orqali urbanizatsiyani takomillashtirish, moliyaviy resurslarni jalb qilish, strategik va kichik loyihalar ishlab chiqish, milliy sharoitga mos infratuzilma hamda eko-sanoat parklarini barpo etish kabi yoʻnalishlar ham koʻrib chiqildi.

    Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, muzokara yakunida tomonlar milliy emissiya savdo tizimi (ETS) va monitoring, hisobot hamda verifikatsiya (MRV) tizimini joriy etishni oʻz ichiga olgan loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.