O‘zbekistonda yosh rassomlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

    O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bolalar rasmlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

    Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etilgan xalqaro tadbir “Tabiatni birgalikda asraylik" mavzusida bo‘ldi.

    Dunyoda sanoat jadal rivojlanayotgan XXI asrda ekologiya masalasi, ayniqsa, aholining ekologik madaniyatini oshirish dolzarbdir.

    Shu bois mamlakatimizda ekologik ta’lim va ma’rifat, madaniyat darajasini yuksaltirish, yangicha dunyoqarashni shakllantirishga e’tibor qaratilmoqda.

    Ko‘rgazmaning maqsadi – SHHTga a’zo davlatlar bolalari orasida ekologik savodxonlikni oshirish, tabiatni muhofaza qilish, ularning tasviriy san’at va badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtidorli yosh rassomlarni aniqlashdan iborat.

    Tadbirda O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Belorus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich va Maktabgacha ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari Oyatillo Rahmatullayevlar so‘zga chiqib, bu kabi tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlodda ekologik ong va madaniyatni shakllantirish, ekologik tarbiyani rivojlantirishga hizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

    Hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rgazmada ishtirok etgan ijodiy ishlar orasidan “Eng yaxshi maktabgacha ta’lim muassasasi”, “Eng yaxshi yosh qatnashchi”, “Eng faol ustoz”, “Eng yaxshi qoraqalpog‘istonlik qatnashchi”, “Eng faol viloyat”, “Eng yaxshi mavzuga oid rasm” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

    Tadbir doirasida Toshkent shahridagi bir qator davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari, “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari va “Svitanak” belorus milliy-madaniy markazi qoshidagi “Vetrik” bolalar teatr-studiyasi jamoasi tomonidan musiqa va raqs dasturlari namoyish etildi.