Milliy dispetcherlik markazi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil 18-iyul kuni mamlakat boʻylab umumiy elektr energiyasi isteʼmoli 272,6 million kVt•soatni tashkil etdi. Bu nafaqat 2023–2024-yillardagi qishki maksimum (271,8 mln kVt•soat)dan, balki avvalgi yozgi rekord (253,3 mln kVt•soat)dan ham yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Kecha soat 17:00 da elektr tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetdi.
Solishtirish uchun: 2024-yil qishki yuklama 12,5 GVt, 2024-yil iyulida esa 11,8 GVtni tashkil etgan.
Eng katta oʻsish Toshkent shahrida qayd etildi:
- Sutkalik isteʼmol 32,4 mln kVt•soatga yetdi (2024-yildagi eng yuqori koʻrsatkich — 30,5 mln kVt•soat);
- Eng yuqori yuklama — soat 14:52 da 1811 MVt (2024-yilda — 1680 MVt);
- Joriy isteʼmol oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,6%, oy boshidan esa 11,0% oʻsgani kuzatilgan.
"Ayrim hududlarda elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilayotganini inobatga olgan holda, isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz", deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Mutaxassislar aholi va tashkilotlardan elektr energiyasidan imkoni boricha tejamkor foydalanishni, zarurat boʻlmagan hollarda elektr jihozlarini vaqtincha oʻchirib turishni soʻradi. Bu nafaqat umumiy tizimdagi yuklamani kamaytiradi, balki texnik nosozlik va uzilishlarning oldini olishga ham yordam beradi.








