Mazkur elektropoyezdlar Koreya Respublikasining “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarilgan. Tadbirda soha mutasaddilari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumki, texnik xizmat koʻrsatish markazi 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirga qadar asosan “Afrosiyob” elektropoyezdlariga xizmat koʻrsatib kelinmoqda. 2026-yildan boshlab esa yangi sexda “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlariga ham toʻliq texnik xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi sex zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan boʻlib, poyezd aravalariga xizmat koʻrsatish platformalari, avtomatlashtirilgan yuvish qurilmalari hamda tom qismiga xizmat koʻrsatish moslamalarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, ilk bor sex ichida 25 ming voltli kontakt liniyalari oʻrnatildi.
Markazda hozirda 289 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ekologik barqarorlik maqsadida quvvati 250 kVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, ular oyiga oʻrtacha 11 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.
Ayni paytda mamlakatimizda 6 ta “Afrosiyob” va 6 ta “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdi mavjud. 2026-yildan boshlab “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlarining Toshkent – Urganch – Xiva yoʻnalishi boʻyicha qatnovi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Temir yoʻl sohasida sunʼiy intellekt va innovatsion gʻoyalar taqdim etildi
Tadbir doirasida temir yoʻl transporti sohasida sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalariga asoslangan innovatsion gʻoyalar taqdim etilib, eng yaxshi loyihalar mualliflari taqdirlandi.
Yetakchilar Kengashi hamda strategik rivojlantirish va sanoat faoliyatini takomillashtirish departamenti tashabbusi bilan “Temir yoʻl transportida sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohasidagi innovatsion gʻoyalar” mavzusida tanlov oʻtkazildi. Unda jami 18 ta loyiha ishtirok etdi. Mutaxassislar va sohaviy ekspertlar loyihalarni amaliy ahamiyati, innovatsion yechimlari va samaradorligi asosida baholadi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev soʻzlariga koʻra, keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarning samarali ijrosi sohadagi yutuqlarga zamin yaratdi. Shuningdek, u yoshlarning gʻoyalari temir yoʻl sohasini rivojlantirishda muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi.
Tanlov natijalariga koʻra, eng manfaatli 9 ta loyiha saralab olindi. Ular temir yoʻlda raqamli texnologiyalarni joriy etish, boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish hamda xavfsizlik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Yakunlarga koʻra, 3 nafar gʻolib pul mukofoti bilan taqdirlandi:
- 1-oʻrin — BXMning 25 barobari,
- 2-oʻrin — BXMning 15 barobari,
- 3-oʻrin — BXMning 10 barobari.
Shuningdek, yana 6 ta loyiha mualliflari qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.
Mazkur tanlov temir yoʻl sohasida sunʼiy intellekt va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, iqtidorli mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash hamda yangi gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zulxumor AKBAROVA