Butun dunyoda boʻlgani kabi yurtimiz aholisi orasida yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari koʻp uchraydi. Ayniqsa, arterial gipertoniya, yurak ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, surunkali yurak yetishmovchiligi, tugʻma yurak nuqsonlari eng koʻp qayd etilayotgan xastaliklar sirasiga kiradi.
Mamlakatimizda tibbiyot, xususan, kardiologiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va hududlarda yoʻlga qoʻyilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari natijasida keyingi yillarda bu borada bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Xususan, oʻtgan 2022-yilning 9 oyi davomida yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim koʻrsatkichi 56,2 foizga kamaydi.
Albatta bunday natijaga erishishda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida joriy etilayotgan ilgʻor davolash va eng soʻnggi diagnostika usullarining ahamiyati katta.
— Shifoxonamiz yurtimizdagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi, Bu yerda ilmiy salohiyat bilan amaliy tibbiyot integratsiya qilingan boʻlib, bemorlar belgilangan standartlar hamda klinik protokollar boʻyicha sifatli davolanadi. Bugungi kunda muassasamizda 5 ta — arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, yurak aritmiyalari, yurak yetishmovchiligi va nekoronarogen miokard kasalliklari hamda funksional tekshiruvlar va klinik bioximiya ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan. Markazning funksional diagnostika, klinik bioximiya laboratoriyalari hamda klinik boʻlimlari eng zamonaviy yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. — deydi markaz direktori oʻrinbosari Anvar Karimov.
Ayni paytda shifoxonada yurakning murakkab aritmiyalarida EFI/RCHA, AKSH operatsiyasini mini yondoshuv orqali amalga oshirish, bir vaqtning oʻzida bir necha jarrohlik amaliyotlarini bajaruvchi gibrid, qoʻshma operatsiyalar, tugʻma yurak nuqsonlarini invaziv usulda bartaraf etish yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari, yurak aritmiyalarida va surunkali yurak yetishmovchiligida dori vositalarini saralash va dozasini titrlash orqali bemorlarni davolash ham markaz faoliyatining oʻziga xos yoʻnalishlaridan, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.










