Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, olimlar va ilmiy xodimlar, milliy hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan qatnashdi.
Anjumanning maqsadi – parlament tomonidan huquq fanini rivojlantirish, qonun ijodkorligini takomillashtirish, xalqaro huquq normalariga mos toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish metodologik asoslarini kuchaytirish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarda qonunlarning oʻrnini yuksaltirish yuzasidan amaliy choralar koʻrishdan iborat.
Tadbirda milliy ekspertlar hamda Nagoya Universiteti, Qozogʻiston gumanitar-yuridik universiteti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasining yetuk mutaxassislari oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashdilar.
Qolaversa, anjumanda parlament, qonun ijodkorligi subyektlari, milliy va xorijiy yuridik ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari hamda huquqni qoʻllash amaliyoti vakillarining yuridik fanni rivojlantirish, amaliyotda yuridik terminlarimizni tartibga solish (unifikatsiyalash va standartlashtirish), qonun ijodkorligi faoliyatida toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlar metodologiyasini yaratishga oid fikr va mulohazalarini eshitish orqali yurisprudensiya yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar, qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-nazariy, amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Jumladan, toʻgʻridan–toʻgʻri ishlaydigan qonunlar metodologiyasini ishlab chiqish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda qonunlar mosligini baholash hamda qonunchilikka oid atamalar izohli lugʻatini ishlab chiqish boʻyicha davlat grantlarini ajratish boʻyicha Hukumatga tavsiya kiritish belgilandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda yuridik fanni rivojlantirish va qonun ijodkorligini takomillashtirish boʻyicha koʻzlangan strategik maqsadlar, prinsiplar, tendensiyalar va vazifalar, asosiy yoʻnalishlarni belgilab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasida yuridik fan va qonun ijodkorligini 2021-2026-yillarda rivojlantirish Konsepsiyasini va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha taklif berildi.
Ushbu tavsiyalarning amaliyotga joriy etilishi mavjud kamchiliklarning yechimi, jumladan, aholining huquqiy atamalarga boʻlgan ehtiyoji, qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarda hamda OAVda keltirilgan yuridik atamalarni aholiga tushunarli, sodda tilda yetkazish, shuningdek, yuridik atamalarga moʻljallangan ilmiy va ommabop adabiyotlar ishlab chiqish va dasturlar yaratish imkoniyatini beradi.
Anjuman yakuni boʻyicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.