Fraksiya aʼzolari dastlab “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Shundan soʻng, Fraksiya aʼzolari “Zaytun moyi va zaytun mevasi toʻgʻrisidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015-yil 9-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi qonun loyihasini fraksiya aʼzolari koʻrib chiqdilar.
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda zaytun mevasi va undan tayyorlangan yogʻga jahon bozorlarida talab yuqori boʻlib, asosan aholi isteʼmoli va dorivor maqsadlarda foydalaniladi. Maʼlumotlarga koʻra, 1 gektar zaytun plantatsiyasidan 15-17 ming dollar, uni qayta ishlash orqali 45-50 ming dollar miqdorida daromad olish mumkin. Oʻzbekiston sharoitida zaytun yetishtirish va uni qayta ishlash agrotexnologiyasi boʻyicha aniq ilmiy asoslangan talab va tavsiyalar mavjud emas.
Mazkur hujjat bilan yurtimizda sohada rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda yangi zaytun plantatsiyalari tashkil etiladi, qayta ishlash korxonalari ishga tushiriladi hamda eksport hajmlari oshiriladi. Shuningdek, sohada seleksiya va agrotexnik usullarni qoʻllash boʻyicha oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.
Majlisda kun tartibidagi barcha masalalar koʻrib chiqilib, qonun loyihalari yuzasidan Ekologiya partiyasi fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar qilinadi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.