Bu haqda Din ishlari boʻyicha qoʻmita xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ushbu fazilatli oyda “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olingan.

Unga koʻra, ushbu muborak oyda Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 148 ta masjiddan 2101 tasida tarovih namozlari oʻqiladi. Shundan, 1 762 tasida “Xatmi Qurʼon” tadbirlari oʻtkaziladi. Bu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qorilar saralab olingan.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, bu yil ham “Xatmi Qurʼon” tadbirlari barcha masjidlarda bir xil vaqtda boshlanib, 27-kuni yaʼni “Laylat-ul Qadr” kechasida yakunlanishi belgilangan.

Tarovih tadbirlarini tartibli oʻtkazish maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlari, shuningdek, 2 104 ta maxsus texnika jalb etiladi.