Oʻzbekistondagi 26 ta bank 3,8 mlrd soʻm jarimaga tortildi

    Moliya 3 Iyun 2023 1266

    2022-yilda tijorat banklarida 19 ta va mikromoliya tashkilotlarida 9 ta tematik inspeksiyalar oʻtkazilgan.

    Tekshiruvlar davomida qariyb 39 mingta mijozning jami 37 trln soʻmlik kreditlari yoki ushbu banklar jami kredit portfelining 58 foizi qamrab olingan.

    Tekshirish natijalari asosida kapital va likvidlilik meʼyorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni haqqoniy aks ettirmagan banklarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan. Qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzgan banklarga nisbatan ayrim operatsiyalarini toʻxtatish, jarima sanksiyalari va boshqa taʼsirchan choralar qoʻllanilgan.

    Jumladan, bank qonunchiligi talablarini buzganligi uchun 26 ta bankka nisbatan 56 ta holat boʻyicha jami 3,8 mlrd soʻm miqdorida jarimalar undirildi.

    Bank qonunchiligida belgilangan talablarni bajarmaganligi uchun Hi-Tech Bank va “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banklarining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalari chaqirib olindi va bank omonatchilarining mablagʻlarini toʻliq toʻlab berilishi taʼminlandi.

    “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banki omonatchilari mablagʻlarini 251 mlrd soʻmi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi.

    Geosiyosiy keskinlashuvlar natijasida iqtisodiy sanksiyalar va eksportga taqiqlar bilan bogʻliq xatarlarni iqtisodiyotga salbiy taʼsirlarini minimallashtirish, komplayens-nazorat tizimini takomillashtirish borasida ham tegishli ishlar amalga oshirildi.