Oʻzbekistondagi 33 ta korxonaga YEI mamlakatlari bozoriga kirishda talab etiladigan “CE” markirovkasi olindi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov maʼlum qildi.

    O‘tgan davr mobynida mahalliy korxonalar tomonidan xalqaro standartlar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish maqsadida, amaldagi standartlashtirish tartibotlari soddalashtirildi. Xalqaro talablar bilan uyg‘unlashgan 7 763 ta standart qabul qilinib, 7 968 tasi qayta ko‘rib chiqildi, natijada standart soni 19 543 taga yetkazildi.

    E-FOND portali – joriy qilinib, standartlarni xarid qilish va aktuallashtirish jarayonlari to‘liq onlayn shaklda amalga oshirishga erishildi va 24 mingdan ortiq standart joylashtirildi.

    Respublikamiz bo‘yicha tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga E-FOND orqali 9 mingga yaqin standart yetkazib berildi.

    Mahalliy korxona va tashkilot mutaxassislarning standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya yo‘nalishlarida o‘quv ixtisoslik bo‘yicha 109 ta kurs tashkil qilinib, 4774 nafar mutaxassislarning soha bo‘yicha malakalari oshirildi.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqarish korxonalari va fermer xo‘jaliklarida xalqaro standartlarni joriy etish hamda tadbirkorlik sub’yektlariga standartlashtirish, yertifikatlashtirish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Natijada: Eksportyor hamda tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 300 ta fermer xo‘jaligida “Global G.A.P.” hamda “Organic” xalqaro standartlari joriy qilinib, ularning qamrovi 12 ming gektarga yetkazildi.

    Yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik sanoati korxonalarida “OEKO-TEX” xalqaro standarti joriy qilinib, ularning soni 70 taga yetkazildi.

    33 ta korxonaga Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining bozoriga kirishda talab etiladigan “CE” markirovkasi olinib, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyati yaratildi. Mahalla-korxonabay ishlash tizimida viloyatlarning barcha tumanlardagi 3 mingga yaqin mahallada 4 394 ta korxonaga amaliy yordam ko‘rsatildi.

    Natijada 774 ta korxonaning 95 turdagi 4,2 mln dollarlik mahsulotlarini 37 dan ortiq xorijiy davlatlarga eksport qilinishiga erishildi. Hududlardagi 908 ta yirik eksportchi va 5 mingdan ortiq yangi tashkil etilayotgan korxonalarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalaridagi muammolari o‘rganilib, muammolarni hal qilishga ko‘maklashish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

    Shuningdek, mahalliy korxonalarning mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi, Yevro Osiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Hindiston, Pokiston, Misr, Saudiya Arabistoni, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya, AQSH hamda Eron davlatlariga eksport qilish talablari o‘rganilib, hududlardagi korxonalarga yetkazildi va ushbu ma’lumotlar agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

    Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar sifatida o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan O‘zbekistonda sotish uchun mo‘ljallanmagan import qilinadigan mahsulotlar, qayta ishlash maqsadida olib kiriladigan mahsulotlarni sertifikatlashning majburiy talabi bekor qilindi.

    Agentlik tomonidan 8 838 ta tadbirkorlik sub’yektlarida korxonabay ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, sohada uslubiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan profilaktika ishlari amalga oshirildi.