Prezidentimiz tashabbusi bilan MISiS Fan va texnologiyalar universiteti va OKMK hamkorligida “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilmoqda.
Ayni kunlarda poytaxtimizda oʻtkazilayotgan Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-sanoat hamkorligining muhim tadbiri — “INNOPROM. Markaziy Osiyo” V Xalqaro sanoat koʻrgazmasi davomida MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov oʻrtasida mazkur maktab faoliyatini tashkil etish boʻyicha bitim imzolandi.
“GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi sanoat majmuasini, shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini yangi bilim va koʻnikmalarni qoʻllagan holda tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalarini hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar bilan taʼminlashdan iborat
Ilgʻor muhandislik maktabida “Kon ishi va boyitish”, “Nodir, noyob, kamyob yer va ogʻir metallar metallurgiyasi”, “Raqamli materialshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Texnologik jarayonlarning raqamli transformatsiyasi” kabi asosiy yoʻnalishlar qamrab olinadi.
Oʻqitish 2025-yil 1-sentyabrdan “Metallurgiya” taʼlim dasturi boʻyicha boshlanadi. 2025/2026 oʻquv yilida magistratura talabalari ikkita yoʻnalishni tanlashlari mumkin boʻladi: “Foydali qazilmalarni boyitish” va “Texnologik jarayonlarni raqamli boshqarish”. Kelgusida dasturlar roʻyxati kengaytiriladi.
Ilgʻor muhandislik maktabi murakkab texnik muammolarni hal qilishga, innovatsion fikrlashga, yangi texnologiyalarni oʻrganish va ishlab chiqishga tayyor mutaxassislarni tayyorlaydi.
Talabalar magistraturaning birinchi kursidan boshlab ishlab chiqarishning muammoli masalalarini tadqiq qilishni boshlaydilar va keyinchalik natijalarni muayyan korxonada joriy etadilar.
Ilgʻor muhandislik maktabida barcha zarur zamonaviy oʻquv laboratoriya jihozlari bilan taʼminlagan “Virtual sinov laboratoriyasi”, “Yangi materiallar va texnologiyalar laboratoriyasi”, “Kon uskunalarini avtomatlashtirish va taʼmirlash laboratoriyasi”, “Loyiha-konstruktorlik byurosi” kabi maxsus ilmiy-taʼlim maydonlarini jamlagan taʼlim fabrikasi ham boʻladi.
MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova:
- “2022-yilda MISiS universiteti yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalar bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash markazlari — ilgʻor muhandislik maktablarini rivojlantirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha federal tanlov gʻolibi boʻldi. «Materialshunoslik, additiv va uzluksiz texnologiyalar” nomli ixtisoslashtirilgan maktabimizda sanoat hamkorlarimiz bilan birgalikda taʼlim dasturlarini yaratmoqdamiz, kun tartibini shakllantirayapmiz. Oliy taʼlim muassasamizning eng yaxshi taʼlim va tadqiqot amaliyoti xalqaro loyihalarni amalga oshirishda ommalashtirilmoqda. 2024-yil may oyida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universitetning Olmaliq filiali negizida ilgʻor muhandislik maktabini ochishni qoʻllab-quvvatladi va biz ushbu tashabbusni amalga oshirishga kirishdik. Rossiya Federatsiyasi Fan va taʼlim vazirligining topshirigʻiga binoan oliygohimiz OKMK bilan birgalikda “GeoMetTex” IMMni tashkil etish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Ilgʻor muhandislik maktabida Respublika iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.«
Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yanada chuqurroq tushunish hamda “Olmaliq KMK” AJ va umuman tarmoqning ilmiy, texnologik, konstruktorlik vazifalarini hal etish uchun ishchi kasblarni qoʻshimcha oʻzlashtirish ham maktabning taʼlim modelidagi asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi.
Yana bir eʼtiborli jihati taʼlim jarayonini boshlash bilan talabalarni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ishga joylashtirish imkoniyati ham koʻzda tutilgan.
- Olmaliq kon-metallurgiya kombinati foydali qazilmalarni qayta ishlash va tayyor mahsulot olishda eng yangi texnologiyalarni qoʻllash, chuqur qayta ishlash mahsulotlari turlarini koʻpaytirish orqali oʻz faoliyatining mutlaqo yangi bosqichiga chiqmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan xomashyoni qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirayapmiz. Ushbu ishlab chiqarish zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, toʻliq avtomatlashtirilgan va jahon ekologik standartlariga javob beradi. Ishonchimiz komilki, eng dolzarb zamonaviy vazifalarni hal qilishga qaratilgan oliy va qoʻshimcha kasb-hunar taʼlimining yangi dasturlarini joriy etish hisobiga ilgʻor muhandislik maktabini oʻqitishning taklif etilayotgan formati korxonaning mavjud kadrlar bazasini takomillashtirish imkonini beradi. Bizga raqamli texnologiyalarning zamonaviy bilimlariga ega boʻlgan, OKMK va umuman sanoat oldida turgan murakkab texnik vazifalar va ishlab chiqarishning muammoli masalalarini hal qila oladigan, innovatsion fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni oʻrganadigan va ishlab chiqadigan mutaxassislar kerak. Ilgʻor muhandislik maktabi bizga aynan shunday kadrlarni yetishtirib berishiga ishonamiz. — deydi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov.
Reklama