Prezidentning 11.09.2023-yildagi PQ-299-son qaroriga muvofiq shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.
Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni oʻz ichiga oladi.
Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- hudud master-rejasini ishlab chiqishga qoʻyiladigan talablar;
- master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
- hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.
Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:
- hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmaganda;
- hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
- master-reja asosida boʻsh yer uchastkasi auksionga qoʻyilganda;
- qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va xoʻjalik maqsadidagi yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlashda.
Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.
Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 22-avgustdan kuchga kirgan.