Prezidentning 11.09.2023-yildagi PQ-299-son qaroriga muvofiq shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.

Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni oʻz ichiga oladi.

Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

  • hudud master-rejasini ishlab chiqishga qoʻyiladigan talablar;
  • master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
  • hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.

Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:

  • hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmaganda;
  • hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
  • master-reja asosida boʻsh yer uchastkasi auksionga qoʻyilganda;
  • qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va xoʻjalik maqsadidagi yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlashda.

Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.

Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 22-avgustdan kuchga kirgan.