Oʻzbekistondagi ikkita kanal xalqaro mukofotga sazovor boʻldi

    Oʻzbekistondagi ikkita kanal – “Doʻstlik” va “Eski Tuyator” nufuzli “WHIS AWART 2025” (Butunjahon irrigatsiya merosi) mukofotiga sazovor boʻldi.

    Bu mukofot har yili Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi tomonidan yoshi 100-yildan oshgan va hamon foydalanib kelinayotgan, noyob irrigatsiya inshootlariga beriladi.

    Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, “Doʻstlik” kanali Sirdaryo daryosi havzasida 100-yildan oshiqroq vaqtdan buyon barqaror ishlab kelayapti. U Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududi orqali oʻtuvchi yirik transchegaraviy magistral kanalidir.

    “Eski Tuyatortar” kanali esa Zarafshon daryosi havzasidagi koʻp asrlik inshoot. U koʻlami jihatdan ham, texnik yechimlari jihatidan ham oʻz davrida ilgari surilgan gidrotexnik gʻoyalarni ifodalovchi noyob obida hisoblanadi.

    Hozirgi vaqtda Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasining “Butunjahon merosi deb tan olingan irrigatsiya inshootlari” reyestriga dunyo boʻyicha 177 ta inshoot kiritilgan.

    “Doʻstlik” va “Eski Tuyatortar” kanallari Markaziy Osiyo mintaqasidan bu roʻyxatga kirgan birinchi inshootlar boʻldi.

    10-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi ijroiya qoʻmitasining 76-yigʻilishida “Doʻstlik” va “Eski Tuyatortar” kanallariga WHIS Award 2025 mukofotini topshirish marosimi boʻldi.

    Bu kanallar nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham qimmatli irrigatsiya merosi ekanini taʼkidlandi va ularni saqlash bilan birga zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirish muhimligi taʼkidlandi.