“O'zbekiston 24” telekanalida qayd etilishicha, qiymati 120 mln dollarlik loyiha doirasida 35 km uzunlikdagi zamonaviy yo'l, ko'prik va tunnellardan iborat yirik infratuzilma barpo etiladi.
Yangi yo'l asfalt-beton qoplama asosida, to'rt tasmali shaklda quriladi. Uning o'tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 20 mingdan ortiq transport vositasini tashkil etishi kutilmoqda.
“Loyiha beshta lotga bo'lingan va bir nechta quruvchi tashkilotlar jalb etilgan. Qurilish jarayoni laboratoriyalar va xalqaro konsultantlar tomonidan nazorat qilinmoqda. Ishlarga mingdan ortiq texnika jalb etilgan.
Loyiha doirasida 17 ta ko'prik, 8 ta yo'l o'tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o'tish joyi quriladi. Shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlari va muhandislik inshootlari barpo etiladi. Qurilish ishlariga mingdan ortiq mutaxassis va yuzlab zamonaviy texnika jalb qilingan”, – deydi Xorazm viloyati avtomobil yo'llari boshqarmasi boshlig'i Dilshodbek Niyozmetov.
Yangi yo'l foydalanishga topshirilgandan keyin Urganchdan Xivagacha yetib borish vaqti 1 soatdan 17 daqiqagacha qisqaradi.
“Avtomobil yo'li to'rt polosadan iborat bo'lib, boshlanish, o'rtasida va oxirida terminallar loyihalanyapti. Ikkita servis punktlarimiz zamonaviy texnologiyalarni qo'llagan holda geotekstil materiallaridan foydalanyapti. Xorazm viloyatining o'ziga xos yer osti sizot suvlari yaqinligini inobatga olgan holda avtomobil yo'li bo'ylab kollektorlar loyihalash inobatga olingan. Bunda oldingi loyihalardan farqli o'laroq zamonaviy drenajlar qo'yish imkoniyati ham ko'rib chiqildi”, – deydi “Yo'l-loyiha byuro” MChJ direktori G'ulom Zohidov.
Uning so'zlariga ko'ra, hayvonot va o'simlik dunyosi hamda aholi xavfsizligi uchun maxsus o'tish yo'laklari va yo'l o'tkazgichlar ham loyihalashtirilgan.