Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Oʻzbekistonning Ozarbayjon va Gruziyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Namiq Aliyev hamda akademiya oʻqituvchisi, xalqaro munosabatlar eksperti Zaur Mamedov, Ozarbayjon Xalqaro aloqalarni tahlil qilish markazi eksperti Nagiy Axmadov, “3rd View” tahliliy markazi rahbari Rauf Radjabov, “Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Velizade, Guruziyadagi nufuzli “Georgian Times” media xoldingi prezidenti Malxaz Gulashvili, taniqli siyosatshunoslar, Ozarbayjon va Gruziya ekspert-tahliliy doiralari vakillari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari onlayn shaklda ishtirok etishdi.
Davra suhbatida Oʻzbekistonning Ozarbayjon va Gruziyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov oxirgi 5 yil mobaynida Oʻzbekistonning taraqqiyoti sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, shuningdek, mamlakatda demokratik islohotlarning amalga oshirilishida ichki va tashqi siyosatdagi asosiy oʻzgarishlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Yangi bosqichdagi islohotlardan koʻzlangan maqsad xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik va hamkorlik tamoyillariga asoslangan holda inson huquqlari va erkinliklari sohasida umumeʼtirof etilgan meʼyorlarga hamohang ravishda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgani taʼkidlandi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda erishilgan natijalar haqida onlayn taqdimot oʻtkazdi.
Taqdimot orqali Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, shuningdek, xavfsizlik, millatlararo totuvlikni taʼminlash hamda konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan va yaqin istiqbolda mamlakat taraqqiyotining asosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangan ushbu strategiya oʻzaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib borish, mamlakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini taʼminlash, Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha belgilangan vazifalarning toʻliq ijrosini taʼminlashga qaratilgan yillik Davlat dasturlari qabul qilinib, izchil amalga oshirildi.
Xususan, oʻtgan vaqt davomida xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish maqsadida joriy etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga aholidan kelib tushgan 5,4 mln. murojaatning 98,1 foizi hal etilgan. Qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi islohotlar natijasida esa, fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini koʻrib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirildi. Shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolik berish tartibi soddalashtirildi. Natijada, 1992-yildan 2016-yilgacha atigi 482 kishi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan boʻlsa, birgina 2020-yilda 16 298 nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchi ekspertlar oʻz fikr-mulohazalarini bayon etib, keyingi vaqtlarda Oʻzbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, ochiq va pragmatik siyosat mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrni va nufuzi mustahkamlanishida muhim omil boʻlayotganini eʼtirof etdilar.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati