Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari 10 mlrd kVt·soat elektr energiya ishlab chiqardi

    Shu yilning 8-dekabr soat 17:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10 mlrd kVt·soatga yetdi.

    Bu haqda Energetika vazirligi maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, bugungi kunda yurtimizda umumiy quvvati 5 582 megavatt boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab turibdi.

    “Yashil” energiya hisobidan:

    • 2,7 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi;
    • Atmosferaga chiqishi mumkin boʻlgan 4,4 mln tonna zararli moddalar oldi olindi.

    Yana bir muhim koʻrsatkich, joriy yil boshidan 8-dekabr soat 17:00 holatigacha Oʻzbekistondagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari 16 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

    Maʼlumot uchun: mazkur hajmdagi elektr energiyasi 6,6 mln xonadonning bir yillik isteʼmolini tashkil qiladi.