Oʻzbekistondagi xorijiy fuqarolar viza muddatini uzaytirish uchun endi onlayn murojaat qilishi mumkin

    Oʻzbekistonda vaqtincha boʻlib turgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar my.gov.uz portali orqali viza muddatini uzaytirish uchun arizalarni onlayn topshirishi mumkin.

    Bu haqda portal matbuot xizmati xabar bermoqda.

    Buning uchun my.gov.uzʼda roʻyxatdan oʻtib, qidiruv orqali “Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun viza muddatini uzaytirish” xizmatini tanlash lozim.

    Keyin zarur maʼlumotlar toʻldirilib, quyidagi hujjatlar yuklanadi: viza muddatini uzaytirish uchun asos boʻladigan hujjat, milliy pasport yoki harakatlanish hujjati nusxasi.

    Agar ariza ishonchli shaxs yoki Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan yaqin qarindosh tomonidan topshirilayotgan boʻlsa, notarial tasdiqlangan ishonchnoma ham ilova qilinadi.

    Arizalar 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Vakolatli organ arizani koʻrib chiqqach, davlat boji toʻlovi haqida maʼlumot yuboradi yoki kamchiliklar aniqlansa, rad etish javobini beradi. Davlat boji toʻlanganidan soʻng, ariza beruvchi 3 ish kuni ichida milliy pasportni vakolatli organga topshiradi. 2 ish kuni ichida pasportga tegishli ruxsatnoma yopishtiriladi.

    Xizmat pullik boʻlib, belgilangan tartibda davlat boji toʻlanadi. Davlat boji summalarini my.gov.uz portalida koʻrish mumkin.

    Eslatib oʻtamiz, ariza amaldagi viza muddati tugashiga kamida 10 kun qolganda topshirilishi lozim. Yangi onlayn xizmat xorijiy fuqarolarga vaqtni tejash, ortiqcha qogʻozbozlikdan xalos boʻlish va jarayonni shffof amalga oshirish imkonini beradi.