Prezidentimizning topshirig'iga asosan, navbatdagi insonparvarlik yuklari karvoni Hayraton chegara o'tkazish punkti orqali qo'shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi. Bu haqida Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 48 tonna bug'doy, 15,7 tonna o'simlik yog'i, 10 ming 20 dona konservalangan go'sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 24 tonna shakar hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan lapsha (Hot lanch) o'rin olgan.
Shu munosabat bilan Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida ikki tomon rasmiylari ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda ishtirok etgan afg'onistonlik rasmiylar Muborak Ramazon oyida ko'rsatilayotgan bu kabi amaliy yordam uchun O'zbekiston xalqiga o'z minnatdorchiligini bildirdi.