Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston-Afg'oniston multimodal yo'lagini rivojlantirish maqsadida Qashg'ar-O'sh-Andijon-G'alaba-Hayraton yangi tranzit yo'nalishi bo'ylab yuk poyezdini sinovdan o'tkazish yo'lga qo'yildi.
Kecha, 19-sentyabr kuni ushbu yo'nalish bo'yicha 12 dona 40 futlik konteynerdan iborat birinchi poyezd mamlakatimiz hududi orqali yo'lga chiqdi. Unda oziq-ovqat yuklari, jumladan, maishiy texnika va xalq xo'jaligi ehtiyojlari uchun mo'ljallangan mahsulotlar bor.
Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston hududida yuk tashishda 70 foizlik, multimodal yo'lakning boshqa mamlakatlari hududida esa 50 foizgacha bo'lgan tarif imtiyozlari taqdim etildi.
Tovarlar Xitoy tomoni tomonidan konteynerlarga shakllantirilgan va O'sh vokzalida (Qirg'iziston) bu konteynerlar O'zbekistonga tegishli fitting platformalariga ortilgan.
Poyezd manzilga 2 kunda yetib boradi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu multimodal yo'nalish bo'yicha pilot loyihaning barcha nyuanslari ishlab chiqilgandan so'ng, birgina Afg'oniston yo'nalishidagi yuk aylanmasi yiliga 4000 dan ortiq konteynerni tashkil qiladi.
“Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston – Afg'oniston” yangi multimodal yo'lagi bo'ylab yuk tashish Qashg'ar temir yo'l vokzalidan (Xitoy) O'sh temir yo'l vokzaliga (Qirg'iziston) avtomobil yo'li orqali, so'ngra Mozori Sharif vokzaliga qadar amalga oshiriladi.